O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlari o‘tkaziladi
Moskvada O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo Iqtisodiy hamkorlik komissiyasining Madaniyat bo‘yicha kichik komissiyasining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisga O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova raislik qildilar.
Lyubimova ish natijalarini baholash va keyingi qadamlarni rejalashtirish uchun Kichik komissiyaning muntazam uchrashuvlari muhimligini ta’kidladi. U avvalgi uchrashuv 2023-yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tganini eslatdi.
Nazarbekov ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyatini qayd etdi. Yig‘ilishda kinematografiya va madaniy merosni saqlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhratulla Rizayev rossiyalik hamkorlar bilan ishlab chiqilayotgan qo‘shma loyihalar haqida so‘zladi. Har ikki tomon madaniy hamkorlikning muhim qismi ijrochilik san’ati ekanligiga kelishib, Rossiyada muvaffaqiyatli o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlarini misol sifatida keltirdilar.
Bundan tashqari, Olga Lyubimova 2025-yilda O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlari o‘tkazilishini ma’lum qildi.