
2025-yilda Pushkin hayoti haqida film chiqadi
2025-yil 14-fevralda “Пророк. История Александра Пушкина” nomli tarixiy drama ekranlarga chiqadi. Film buyuk rus shoirining hayotidagi muhim voqealarga bag‘ishlangan.
Film Pushkinning Sarskoye Selo litseyida o‘qishidan tortib Jorj Dantes bilan bo‘lgan dueliga qadar bo‘lgan hayotini qamrab oladi. Shuningdek, kartina uning ijodiy yuksalishi, surgun davrlari va Natalya Goncharova bilan tanishuvi haqida ham hikoya qiladi.
Film rejissyori Feliks Umarov filmning maqsadi Pushkinni inson sifatida ko‘rsatish ekanligini ta’kidladi: “Biz uning Litseyda partada o‘tirganini, sevgini boshdan kechirganini, ijod qilganini va o‘lmas bo‘lib qolganini ko‘rsatdik. Bosh rolni ijro etgan Yuriy Borisov tufayli tomoshabinlar buyuk shoir ruhini his qila oladilar”.
Hozirda filmni montaj qilish va musiqiy bezash ishlari olib borilmoqda. Suratga olish guruhi tomoshabinlarga Pushkin davri va shaxsiyatiga chuqur kirib borishni va’da qilmoqda.
Premyera Sevishganlar kunida bo‘lishi kutilmoqda. Bu sevgi haqidagi satrlari bugungi kunda ham o‘lmas bo‘lib qolayotgan shoir uchun ramziy ahamiyatga ega.