Poykentdan noyob qurol topildi
17 январь

Poykentdan noyob qurol topildi

Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Poykentda arxeologlar noyob metall qurollar va boshqa artefaktlarni kashf etdilar. Muhammad Narshaxiy va Ibn al-Xordodbeh kabi o‘rta asr tarixchilari tomonidan tilga olingan bu shahar “Savdogarlar shahri” yoki “Mis shahar” nomi bilan mashhur. Poykent Buxorodan ham qadimiyroq deb hisoblanadi va uning arxeologik qazishmalar 43 yildan buyon davom etmoqda.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti Rossiya Davlat Ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi bilan hamkorlikda olib borgan so‘nggi tadqiqotlar yangi topilmalarni yuzaga chiqardi. Ular orasida turli o‘lchamdagi xanjarlar, sovut-qurol qismlari, o‘q va nayza uchlari, shuningdek, yaqin jangda ishlatilgan metall uzuklar bor. Bu buyumlar miloddan avvalgi I asrdan milodiy I asrgacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, saklar va massagetlar ibodatxonasi yaqinida topilganligi ularning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Boshqa topilmalar ham alohida e’tiborga molik — olov tashish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan kapgir, shuningdek, vazifasi noma’lum bo‘lgan yumaloq metall buyum va qo‘ng‘iroqcha, chamasi, ibodatxona marosimlarida qo‘llanilgan. Metalldan yasalib, rangli metall bilan bezatilgan bu qo‘ng‘iroqcha suyak tilchaga ega bo‘lib, bu uning ovoziga o‘ziga xos bo‘g‘iqlik bergan. Bundan tashqari, kerosin chiroqni eslatuvchi, ehtimol o‘tparastlar tomonidan ishlatilgan idish ham topildi.