
Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasi virtual sayohatlar uchun raqamlashtiriladi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Samarqanddagi mashhur Shohi Zinda me’moriy majmuasining raqamli modelini yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda. Loyiha bu o‘rta asrlar me’morchiligi yodgorligi bo‘ylab virtual sayohatlar uyushtirish imkonini beradi.
Majmuaning raqamli nusxasi va maxsus media kontentlar Shohi Zinda tarixi, uning me’moriy xususiyatlari, bezaklari va epigrafik yozuvlari haqida so‘zlab beradi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida yodgorlikni “jonlantirish” va virtual sayohat ishtirokchilari uchun asl muhitni yaratish rejalashtirilmoqda.
“Yangi texnologiyalardan foydalanib Shohi Zinda majmuasini o‘rganish va ommalashtirishimiz uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi hamda O‘zbekistonning boy madaniy merosini keng auditoriyaga yetkazadi,” — deya ta’kidladi Islom sivilizatsiyasi markazi.
MA’LUMOT. Shohi Zinda — YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, Samarqanddagi o‘n bitta o‘rta asr maqbaralaridan (XIV-XV asrlar) iborat ansamblidir.