
Parkent milliy taomi geografik ko‘rsatkichlar reyestriga kiritildi
Toshkent viloyati Parkent tumani So‘qoq qishlog‘ida an’anaviy tarzda tayyorlanadigan milliy taom — "So‘qoq somsa" O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bu taomning o‘ziga xosligi shundaki, unda aynan shu hududga xos bo‘lgan tabiiy masalliqlardan foydalaniladi. Asosiy tarkibiy qismlardan biri faqat So'qoq tog‘larida o‘sadigan mahalliy ismaloq turi bo‘lgan "mador"dir. Bundan tashqari, taom o‘ziga xos xamir tayyorlash texnologiyasi va betakror ta’mi bilan ajralib turadi.
Geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi "So‘qoq somsa"ning aynan shu hududdan kelib chiqqanligini tasdiqlaydi, uning aslligi, sifati va madaniy qadriyatining huquqiy himoyasini ta’minlaydi.
Ro‘yxatga olish Toshkent viloyati adliya bosh boshqarmasi ko‘magida amalga oshirildi.
Avvalroq, O‘zbekiston Adliya vazirligi Andijon do‘ppisini geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida yozgan edik.
MA’LUMOT. Geografik ko‘rsatkich — ma’lum bir joyning tabiiy, insoniy yoki tarixiy xususiyatlari tufayli mahsulotning alohida sifat va obro‘ga ega ekanligini anglatuvchi intellektual mulk obyekti.