
Toshkentda impressionizmning 150 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
Toshkentdagi Bonum Factum galereyasida 1874-yilda Parijda tashkil etilgan impressionistlarning birinchi ko‘rgazmasining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Taassurot” nomli ko‘rgazma ochildi. Ekspozitsiyada tasviriy san’atda yangi yo‘nalishga asos solgan Klod Mone, Ogyust Renuar, Kamil Pissarro va boshqa rassomlarning 100 dan ortiq asarlari nusxalari namoyish etilmoqda.
“Jikle” texnologiyasi yordamida yaratilgan rasmlarni ilgari “Noreal Van Gog” loyihasini amalga oshirgan Stochastica xususiy kompaniyasi chop etgan. Ko‘rgazma tomoshabinlarga tabiat, shahar manzaralari, kundalik hayot lavhalari va o‘zgaruvchan yorug‘likdan ilhom olgan impressionistlar ijodi bilan tanishish imkonini beradi.
Ko‘rgazma doirasida Rossiyada ishlab chiqarilgan ikkita ta’limiy film namoyish etilmoqda. To‘qqiz daqiqalik birinchi film impressionizmning asosiy xususiyatlari haqida so‘zlaydi, 22 daqiqalik ikkinchisi esa to‘qqizta rassomning hayoti va ularning davri tarixiy konteksti bilan tanishtiradi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu filmlar tomoshabinlarga impressionistlar uslubi va uning jahon tasviriy san’atiga ta’sirini chuqurroq anglashga yordam beradi.
Ko‘rgazma 1-fevralga qadar davom etadi. Bonum Factum galereyasi dushanba va juma kunlaridan tashqari har kuni soat 12:00 dan 20:00 gacha ochiq. Ko‘rgazmaga kirish pullik.