
Qorachida “UzbekPak” savdo-madaniyat markazi ochildi
Pokistonning Karachi shahrida “UzbekPak International Trading Centre” va “UzbekPak Cultural Centre” Savdo uyi hamda Madaniyat markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi. Tadbir O‘zbekiston elchixonasi va “Diners Group” kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi.
Marosim O‘zbekiston va Pokiston davlat madhiyalarining ijrosi bilan boshlandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev madaniyat markazi hududida ramziy ‘do‘stlik daraxti“ni ekdi.
Tadbir Karachining biznes, eksport-import kompaniyalari, sayyohlik tashkilotlari va ishbilarmon doiralari vakillarini jamladi. “Diners Group” rahbari Soxail Moten markazning ochilishi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashi, o‘zaro savdo hajmini kengaytirishi va investorlarning zarur ma’lumotlardan foydalanishini osonlashtirishini ta’kidladi.
“Karachi va Toshkentdagi savdo uylari doimiy ko‘rgazma maydonchalariga aylanadi, bu esa ikki davlat tovarlarining o‘zaro savdodagi ulushini oshiradi,” — deya ta’kidladi Moten.
Savdo uyida to‘qimachilik, jun, teri, plastik granulalar va quritilgan mevalar kabi o‘zbek sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda. Markaz ekranlarida O‘zbekistonning sayyohlik, sanoat va investitsiya salohiyati, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentning madaniy hamda tarixiy diqqatga sazovor joylari haqidagi videolavhalar namoyish etildi.