Tojikistonda Amir Temur hayotiga oid qadimiy qo‘lyozma topildi
Tojikistonda Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi o‘zbek tilida bitilgan noyob qo‘lyozma aniqlandi. “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” deb nomlangan asar O‘zbekistonda tashkil etilgan Xalqaro madaniy meros haftaligida namoyish etildi.
Tojikiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Badriddin Maqsudovning ta’kidlashicha, mazkur qo‘lyozma Temur hayotini bayon etuvchi eng qadimiy saqlanib qolgan turkiy kitoblardan biri bo‘lishi ehtimoli bor.
Amir Temurga bag‘ishlangan ko‘plab tarixiy va badiiy asarlar mavjud, jumladan, Nizomiddin Shomiyning "Zafarnoma"si, Mirxondning "Ravzatus-safo“si va boshqalar. Biroq “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” kitobi tarixiy faktlardan ko‘ra ko‘proq xalq afsona va rivoyatlariga asoslangan betakror manba hisoblanadi. Asarda hukmdor hayotidagi voqealar, uning tug‘ilishi va harbiy jasoratlari, shuningdek, shaxsiyati bilan bog‘liq mo‘jizalar tasvirlangan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari ushbu qo‘lyozmani atroflicha o‘rganishni va kelajakda uning faksimil nusxasini, shuningdek, zamonaviy alifboga o‘girilgan matnini chop etishni rejalashtirmoqda.