
Minskda O‘zbek kinosi kuni o‘tkazildi
Minskda XXX “Listapad” xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbek kinosi kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Belarus va O‘zbekiston madaniyat vakillari, diplomatik korpus a’zolari, shuningdek, mahalliy jurnalistlar ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Xo‘jayev boshchilik qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ochilish marosimida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, madaniyat va kinematografiya sohasida faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. 2018-yildan beri ikki mamlakat kinoijodkorlari badiiy hamda hujjatli filmlar suratga olish orqali qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Bu yil O‘zbekiston ikkita ajoyib asarni taqdim etdi: hujjatli filmlar tanlovida “Shuhrat Abbosov yaqindan” nomli hujjatli film va tanlovdan tashqarida “O‘zbegim” harbiy dramasi namoyish etildi. Ulug‘bek Yo‘ldoshev va Eljon Abbosov tomonidan suratga olingan “Shuhrat Abbosov yaqindan” filmi mashhur o‘zbek rejissyori va uning kino rivojiga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qiladi.
“O‘zbegim” — Ikkinchi jahon urushida erkaklar bilan yelkama-yelka jang qilgan ayollar haqidagi film. Filmning bosh qahramoni — mergan ayol bo‘lib, uning prototipi urushdan keyin taniqli olimga aylangan Ziba G‘aniyeva. Belorussiyada suratga olingan bu kartina jasorat, or-nomus va ayollar matonati haqida hikoya qilib, o‘sha urush qahramoni ayollari xotirasiga hurmat ramzidir.
O‘zbek kinosi kuni doirasida mehmonlarga milliy o‘zbek taomlari taqdim etildi va an’anaviy raqs chiqishlari namoyish qilindi.