O‘zbekiston ITB Berlin 2025’da turizm salohiyatini yorqin taqdim etdi
7 март

O‘zbekiston ITB Berlin 2025’da turizm salohiyatini yorqin taqdim etdi

O‘zbekiston eng yirik xalqaro ko‘rgazma ITB Berlin 2025’da o‘z salohiyatini namoyish etib, jahon sayyohlik sanoatining e’tiborini yana bir bor o‘ziga jalb qildi. 4-6 mart kunlari respublika milliy stendi xorijiy hamkorlar, ommaviy axborot vositalari va sayyohlik kompaniyalari bilan faol muzokaralar o‘tkazish maydoniga aylandi. Yevropadan sayyohlarni jalb etishga, shuningdek, ekoturizm va sarguzasht yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan yangi marshrutlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov boshchilik qildi. Uning tarkibiga 25 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalar, aviakompaniyalar va onlayn platformalar vakillari kirdi. Ko‘rgazma davomida O‘zbekiston tomoni B2B va B2G formatida 200 dan ortiq uchrashuv o‘tkazib, xalqaro hamkorlik, transchegaraviy marshrutlarni yaratish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga alohida e’tibor berildi. 10 dan ortiq yirik OAV vakillari O‘zbekistonning madaniy merosi, qadimiy shaharlari va me’moriy yodgorliklari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Bu esa xorijiy sayyohlar orasida mamlakatni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

ITB Berlin 1966-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan dunyodagi eng yirik sayyohlik tadbirldir. O‘zbekistonning ushbu ko‘rgazmada ishtiroki mamlakatga istiqbolli yo‘nalish sifatida qiziqish ortib borayotganini va uning jahon sayyohlik bozorida o‘z mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi faol sa’y-harakatlarini ko‘rsatib turibdi.