
O‘zbekistonda Yagona milliy turizm platformasi ishga tushirilmoqda
10-dekabrdan boshlab O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasining ‘Turizm sohasini raqamlashtirish va sayyohlik xizmatlarini yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida‘gi qarori kuchga kirdi. Yangi raqamli platforma 14 tilda real vaqt rejimida xizmatlar va tahlillarni taqdim etib, turizm sohasini boshqarish markaziga aylanadi.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab tajriba doirasida foydalanuvchilar mehmonxonalarni band qilish va baholash imkoniyatiga ega bo‘ladilar, shuningdek turoperatorlar, ekskursiya rahbarlari va gidlar xizmatlaridan foydalana oladilar. Bundan tashqari, platformada avtomobil ijarasi, taksi chaqirish, avtobus, poyezd va samolyotlarga chipta xarid qilish, hamda muzeylar va madaniy meros obyektlariga tashrif buyurish xizmatlari ham taqdim etiladi.
Qo‘shimcha ravishda xalqaro va milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiya ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu xorijiy va mahalliy foydalanuvchilar uchun sayyohlik xizmatlarining to‘lovini osonlashtiradi.