Buxoro 2025-yilda sayohat uchun eng yaxshi joylar ro‘yxatiga kiritildi
9 январь

Buxoro 2025-yilda sayohat uchun eng yaxshi joylar ro‘yxatiga kiritildi

Me’moriy durdonalari va o‘rta asr muhiti bilan mashhur qadimiy Buxoro The New York Times nashrining 2025-yilda sayohat uchun eng yaxshi 52 ta joy ro‘yxatiga kiritildi.

2025-yilning eng muhim voqealaridan biri 5-sentyabrdan 20-noyabrgacha bo‘lib o‘tadigan ilk Buxoro zamonaviy san’at biennalesi bo‘ladi. Ko‘rgazmaning noyobligi shundaki, unda britaniyalik haykaltarosh Entoni Gormli singari jahonga mashhur san’atkorlarning asarlari karvonsaroy va madrasalarning tarixiy muhiti bilan uyg‘unlashadi.

O‘zbekistonning transport infratuzilmasi yaxshilangani ham nashr e’tiborini tortdi. Silk Avia va Air Samarkand yangi milliy aviakompaniyalari mamlakatga sayohatlarni yanada qulaylashtirdi. The New York Times nashrining ta’kidlashicha, bu O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortishiga sabab bo‘lmoqda.