Muzli Registon Xarbindagi qishki festivalning bir qismiga aylandi
9 январь

Muzli Registon Xarbindagi qishki festivalning bir qismiga aylandi

Xitoyning Xarbin shahri o‘zining har yilgi muz va qor festivali bilan yana bir bor hayratda qoldirmoqda. Unda asosiy eksponatlardan biri Samarqanddagi Registon maydonining muz maketi bo‘ldi.

Bu yilgi festival dizayni 2025-yil 7-fevralda Xarbinda boshlanadigan qishki Osiyo o‘yinlaridan ilhom olgan. Bog‘ hududi to‘qqizta zonaga bo‘lingan bo‘lib, unda Osiyo Olimpiya Kengashiga a’zo 42 mamlakat va uchta hududning diqqatga sazovor joylari namoyish etilgan. Registondan tashqari, tashrif buyuruvchilar Xitoydagi Osmon ibodatxonasi, Yaponiyadagi Osaka qal’asi va Hindistondagi Toj Mahal kabi yodgorliklarning muzdan yasalgan nusxalarini ko‘rishlari mumkin.

Muz haykallarini yaratish uchun taxminan 300 ming kub metr muz va qor ishlatilgan. Barcha eksponatlar yorqin chiroqlar bilan yoritilgan. Festival, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga boy ko‘ngilochar dasturni taqdim etadi: chanada uchish, muz shoulari va Osiyo mamlakatlarining madaniy merosini aks ettiruvchi san’at obyektlari bilan boyitilgan boshqa ko‘plab qishki tadbirlar.