Britaniya muzeyida O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
27 сентябрь

Britaniya muzeyida O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi

Londonda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Britaniya muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etgan "Ipak yo‘li" ko‘rgazmasining ilk taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar bermoqda.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning boy madaniy tarixi va uning Ipak yo‘lidagi ahamiyatini aks ettiruvchi 14 ta noyob eksponat namoyish etildi. Ular orasida Afrosiyob va Varaxsha devoriy suratlari, Kofir qal’asidagi qadimiy yog‘och eshiklar hamda boshqa sug‘d davriga oid ashyolar bor.

Tadbir davomida Britaniya muzeyi orqali o‘zbek madaniyatini keng yoyish va ikki mamlakat muzeylari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi. Muzey rahbariyati O‘zbekiston bilan sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga O‘zbekistonning islohotlar, madaniyat va san’at sohasidagi yutuqlari, shuningdek, tarixiy va ilmiy merosni asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berildi.

"Ipak yo‘li" ko‘rgazmasi tashrif buyuruvchilar uchun 2025-yil 23-fevralgacha ochiq bo‘ladi.