
O‘zbekiston delegatsiyasi Makkah Halal Forum 2025 forumida ishtirok etmoqda
Makka shahrida (Saudiya Arabistoni) halol mahsulotlar va xizmatlar sohasidagi muhim xalqaro tadbir — Makkah Halal Forum 2025 o‘tkazilmoqda. Tadbirda 120 mamlakatdan 180 ta kompaniya, 21 ta savdo-sanoat palatasi vakillari hamda 6 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda. Forumda O‘zbekiston nomidan mamlakat Savdo-sanoat palatasi rahbarligidagi 60 dan ortiq tadbirkordan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.
Forumning eng faol ishtirokchilaridan biriga aylangan O‘zbekiston milliy pavilonida mamlakatimizning 30 ta yetakchi kompaniyasi o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Ko‘rgazma bir vaqtning o‘zida bir nechta asosiy sohalarni — oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olgan. Taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, bu esa yangi shartnomalar tuzish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi halol mahsulotlar eksportini kengaytirish, sertifikatlashni soddalashtirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bir qator strategik ahamiyatga ega uchrashuvlar o‘tkazmoqda. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, forum doirasida bir nechta yirik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.