
O‘zbekiston Yaponiyadagi xalqaro turistik filmlar festivalida mukofotlarga sazovor bo‘ldi
O‘zbekiston ilk bor CIFFT Circuit 2025 xalqaro turistik filmlar festivali seriyasida ishtirok etdi va darhol muhim yutuqlarga erishdi. Festivalning birinchi bosqichi Yaponiyaning Maniwa shahrida bo‘lib o‘tdi.
CIFFT Circuit — turistik kino sohasidagi eng yaxshi videolarni taqdirlaydigan nufuzli xalqaro tanlov bo‘lib, turli yillarda uning g‘oliblari qatorida Switzerland Tourism, Go Türkiye, Visit Qatar kabi yirik brendlar ham bo‘lgan.
Festivalda O‘zbekiston Britaniyaning Dars Films studiyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan bir nechta ishlarni taqdim etdi. Farg‘ona viloyati haqida tayyorlangan taqdimot videorolik eng yaxshi turistik yo‘nalish taqdimoti uchun maxsus mukofotga loyiq topildi. “O‘zbekistonda kuz” filmi “Mamlakatni targ‘ib qilish” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni, “UNWTO Samarqandda” roligi esa “Osiyo” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Jami festivalga turizm sohasi mutaxassislari va kinoijodkorlari tomonidan 1132 ta ariza topshirildi. CIFFT Circuit 2025 festivallari seriyasi mart oyidan noyabrgacha davom etadi.