
Quvaytda Buxoro amirining zargarlik buyumlari va boshqa qimmatli artefaktlar topildi
Quvaytdagi Tariq Rajab muzeyida Buxoro amiriga tegishli zargarlik buyumlari hamda O‘zbekiston madaniy merosiga oid boshqa qimmatli eksponatlar topildi.
1980-yilda quvaytlik tadbirkor Tariq Sayyid Rajab tomonidan asos solingan muzey 30 000 dan ortiq noyob eksponatlarga ega. Ular orasida Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrda ko‘chirilgan nusxalari, Shayboniylar davri miniaturalari, shuningdek, Buxorodan keltirilgan qadimiy zargarlik buyumlari, kiyim-kechaklar, qurol-yarog‘, hunarmandchilik buyumlari, matolar va shisha mahsulotlari bor.
Muzeyni ziyorat qilgan O‘zbekiston delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladigan ko‘rgazmaga 50 dan ortiq xalqaro kolleksiyalarni jalb qilish rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu tadbir dunyo muzeyshunosligi tarixidagi ilk yirik ekspozitsiya bo‘lib, o‘nlab muzeylarni bir mamlakat merosi atrofida birlashtiradi”, — deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi bayonotida.
Muzey direktori Ziyod Rajab hamkorlikka tayyor ekanligini bildirar ekan, Tariq Rajab muzeyi eksponatlarining O‘zbekistonda namoyish etilishi “tarixiy voqea” bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzey asoschilari O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga katta qiziqish bildirgan, bu esa ushbu kolleksiyada mamlakat artefaktlarining ko‘pligi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston delegatsiyasi muzeyga Kattalangar Qur’oni ning faksimile nusxasi hamda Muhammad (s.a.v.) muhr bosilgan maktubining nusxasini tuhfa qildi.