O‘zbekistonda "Top Gear France"ning yangi mavsumi suratga olinishiga start berildi
9 декабрь

O‘zbekistonda "Top Gear France"ning yangi mavsumi suratga olinishiga start berildi

“BBC Studios France” delegatsiyasi dunyoga mashhur “Top Gear France” avtomobil ko‘rsatuvining yangi qismini tayyorlash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida ko‘rsatuv boshlovchilari va suratga olish guruhi bo‘lib, ular allaqachon tasvirga olish jarayonini boshlab yuborishdi.

O‘zbekiston o‘zining betakror tabiat manzaralari va boy madaniy merosi fonida hayajonli avtomobil sinovlarini o‘tkazish maydoniga aylanadi. Yangi mavsum qismlari tomoshabinlarga Toshkent, qadimiy Samarqand ko‘chalarida, shuningdek, tog‘lar va sahrolarda avtomobillarning qiziqarli poygalari hamda sinovlarini namoyish etadi.

Loyihaning maqsadi nafaqat avtomobil ishqibozlarini lol qoldirish, balki butun dunyo bo‘ylab ko‘rsatuv muxlislarini O‘zbekistonning go‘zalligi bilan tanishtirish, shuningdek, uning avtomobilsozlik sohasidagi salohiyatini ko‘rsatib berishdan iborat.

Suratga olish jamoasi samimiy qabul va mahalliy hokimiyat organlarining ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. Yangi mavsum “Top Gear France” tarixidagi eng tomoshabop va yorqin mavsumlardan biriga aylanishi kutilmoqda.