
Mirzo Ulug‘bekning noyob kosasi Britaniya muzeyida saqlanmoqda
Britaniya muzeyida mashhur olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan yashil nefritdan yasalgan noyob kosa saqlanmoqda. 1420-1449-yillar oralig‘ida Samarqandda yaratilgan ushbu eksponat muzeyning eng qimmatbaho ashyolaridan biri hisoblanadi. Idish oval shaklda bo‘lib, hajmi 200-250 millilitrni tashkil etadi.
Ma’lumki, bu idishni yasashda ishlatilgan nefrit Sharqiy Turkistondagi Kunlun tog‘lari hududidagi Xo‘tan yaqinidan qazib olingan. Ulug‘bek, o‘sha davrdagi ko‘plab sharq hukmdorlari singari, bu xom ashyoni yuqori baholagan va hatto Amir Temur maqbarasi ustiga o‘rnatilgan tosh ham nefritdan tayyorlangan.
Qadimgi afsonaga ko‘ra, nefrit idishlar zaharli suyuqliklarni aniqlash xususiyatiga ega bo‘lgan, bu esa qadimgi dunyoda ularga alohida ahamiyat baxsh etgan.
Kosaning Britaniya muzeyiga qanday kelib qolgani aniq ma’lum emas. Ba’zi manbalarda ta’kidlanishicha, uni Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi Turkiyaga olib kelgan. U ustozining ilmiy merosini davom ettirish maqsadida Istanbulga kelganidan so‘ng, bu buyumni esdalik sifatida o‘zi bilan olib ketgan bo‘lishi mumkin.