Toshkent mozaikalari va me’morchiligi haqidagi yangi kitoblar 2025-yil yozida chop etiladi
25 январь

Toshkent mozaikalari va me’morchiligi haqidagi yangi kitoblar 2025-yil yozida chop etiladi

Bu yoz nemis me’mori va noshiri Filipp Moyzer Toshkent me’morchiligi va mozaikalariga bag‘ishlangan uchta kitobni taqdim etishi “Gazeta.uz” xabar bermoqda. Ular orasida me’moriy yo‘lko‘rsatkichning ruscha nashri, aka-uka Jarskiylar haqidagi kitob va Toshkent mozaikalariga bag‘ishlangan alohida asar mavjud.

Aka-uka Jarskiylarning hayoti va ijodi haqida 2023-yilda nemis tilida ilk bor nashr etilgan kitob endi rus va ingliz tillarida chop etiladi. Moyzer aka-uka Jarskiylarning noyob mozaikalari hanuzgacha YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilmaganidan hayratda ekanligini bildirdi. U “Turar-joy binolaridagi mozaikalarning bunday to‘plami dunyo miqyosida noyob hodisa”, deb ta’kidladi.

“Toshkent mozaikalari” loyihasining ilmiy rahbari Fotima Abdurahmonova tomonidan tayyorlanayotgan alohida yo‘lko‘rsatkich to‘liq poytaxt mozaikalariga bag‘ishlanadi. Kitobda nafaqat aka-uka Jarskiylar, balki Toshkentning betakror qiyofasini shakllantirishga katta hissa qo‘shgan boshqa rassomlarning ishlari ham o‘z aksini topadi.

DOM Publishers nashriyoti Toshkent bo‘ylab me’moriy yo‘lko‘rsatkichning uchinchi nashrini ham tayyorlamoqda. Moyzerning aytishicha, yangi versiyada bahsli obyektlar olib tashlanadi va so‘nggi bir yil ichida yuz bergan o‘zgarishlarni hisobga olgan holda yangilari qo‘shiladi. Yo‘lko‘rsatkichni yangilash qarori nafaqat shaharning rivojlanishi, balki 2024-yil yanvarida ikkinchi nashr taqdimotidan keyin bildirilgan plagiat ayblovlari bilan ham bog‘liq.

Hozirda ikkinchi nashr sotuvi to‘xtatilgan, nashriyotda esa tekshiruv olib borilmoqda. Moyzer ko‘chirilganligi aniq bo‘lgan matnlar kitobning uchinchi nashrida bo‘lmasligini ta’kidladi.