
O‘zbekiston Yevroosiyo kino mukofotiga qiziqish bildirdi
O‘zbekiston, Hindiston, Xitoy, Serbiya va boshqa davlatlar Yevroosiyo kinematografiya san’ati akademiyasini ta’sis etish va Ochiq Yevroosiyo kino mukofotini o‘tkazishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Rossiyaning kino sohasidagi asosiy tashabbusi bo‘lgan ushbu loyihaning taqdimoti 2025-yil aprel oyining ikkinchi yarmida Moskvada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Rossiya Madaniyat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevroosiyo kinematografiya akademiyasining tashkil etilishi va kinomukofotning o‘tkazilishi kinematografiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi xalqaro maydon yaratadi va milliy kinoindustriyalar uchun muhim o‘sish nuqtasiga aylanadi.
Vazirlik, shuningdek, bir qator davlatlar bilan kino ishlab chiqarish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi, bu esa ko-produksiya rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova 2025-yilda birinchi Yevroosiyo kino mukofotini o‘tkazish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Ushbu tashabbus Rossiya kinematografchilar uyushmasi bilan birgalikda faol ishlab chiqilayotgan Yevroosiyo kino akademiyasini tashkil etish loyihasining bir qismidir. O‘shanda Lyubimova loyihaga ilgari qiziqish bildirgan BRIKS, SHHT va MDH mamlakatlaridagi hamkasblari qo‘shilishiga umid bildirdi.
Yevroosiyo kinoakademiyasi va mukofotini tashkil etish tashabbusi Yevroosiyo kino makonini rivojlantirish uchun "Oskar‘ning muqobilini yaratishni taklif qilgan rejissyor Nikita Mixalkovga tegishli. Loyihani Eron, Xitoy va KXSHT davlatlari qo‘llab-quvvatladi.