Italiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi
Italiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi, ular doirasida italiyalik tomoshabinlar o‘zbek san’atining boy merosini kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbirlarda 100 ga yaqin madaniyat namoyandalari, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri simfonik orkestri ijrochilari qatnashdi.
Rimdagi “Teatro Italia” va Viarejodagi “Teatro Eden” teatrlarida orkestrning tantanali konsertlari o‘tkazildi. Konsertlar mahalliy aholi hamda o‘zbek diasporasi vakillarining e’tiborini tortdi.
Dastur doirasida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Italiya madaniyat sohasi vakillari, jumladan, Italiya madaniyat vaziri o‘rinbosari Janmarko Massi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda teatr san’ati, ta’lim almashinuvi va madaniyat markazlarini boshqarish bo‘yicha loyihalar muhokama etildi. Shuningdek, nomoddiy madaniy merosni asrash va qo‘shma tadbirlarni, xususan 2025-yilda O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishni tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.