Sun’iy intellekt yordamida qayta tiklangan The Beatles guruhining so‘nggi qo‘shig‘i Grammy mukofotiga nomzod bo‘ldi
The Beatles guruhi tarqalganidan deyarli 50 yil o‘tgach, yana Grammy mukofotiga nomzod bo‘ldi. Ularning sun’iy intellekt yordamida qayta tiklangan so‘nggi qo‘shig‘i “Now and Then” “Yilning eng yaxshi yozuvi” va “Eng yaxshi rok ijrosi” nominatsiyalariga taqdim etilgani The Verge nashri tomonidan ma’lum qilindi.
“Yilning eng yaxshi yozuvi” tanlovida u Beyonce, Billie Eilish, Charli XCX va Taylor Swift bilan, rok toifasida esa Green Day, Pearl Jam va The Black Keys bilan bellashadi.
“Now and Then” qo‘shig‘i 1970-yillarning oxirida Jon Lennon tomonidan yozilgan, ammo o‘sha davrdagi texnik cheklovlar tufayli hech qachon chiqarilmagan edi. 90-yillarda The Beatles Anthology loyihasi uchun kompozitsiyani yakunlash maqsadida demo yozuv guruhning qolgan a’zolariga topshirildi, ammo u paytda bu ishni amalga oshirishning iloji bo‘lmadi. Biroq 2021-yilda rejissyor Piter Jekson va uning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida Lennonning ovozi va cholg‘u partiyasini ajratishga muvaffaq bo‘lindi. Bu Pol Makkartni va Ringo Starrga 2023-yil noyabr oyida chiqarilgan qo‘shiqni yakunlash imkonini berdi.
Ishda sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan bo‘lsa-da, qo‘shiq baribir Grammy qoidalariga mos keladi, chunki ularga ko‘ra faqat insonlar nomzod bo‘lishi mumkin. Biroq, sun’iy intellektdan foydalangan holda yaratilgan materiallar sun’iy intellekt elementlari mavjud bo‘lgan toifalarda taqdim etilishi mumkin.