Robot yaratgan rasm bir million dollarga sotildi
Sotheby’s auksionida gumanoid robot Ay-Da tomonidan yaratilgan san’at asari sotildi. Robot sun’iy intellekt sohasining asoschisi Alan Tyuringning portretini 1 084 800 dollarga sotgani haqida PC Mag xabar bermoqda.
“Sun’iy intellekt Xudosi” deb nomlangan asarning dastlabki narxi 120 000 dan 180 000 dollargacha bo‘lgan, bu yakuniy summadan ancha past edi.
Dasturchi Ada Lavleys sharafiga Ay-Da deb nomlangan robot galereya egasi Eydan Meller tomonidan Engineered Arts robototexnika kompaniyasi va Lids universiteti jamoasi bilan hamkorlikda yaratilgan. Uning asarlari xalqaro ko‘rgazmalarda, jumladan Jenevadagi BMT Global sammitida namoyish etilgan bo‘lib, san’atda mashinalarning o‘rni haqida munozaralarga sabab bo‘lgan. Ay-Da dunyoni idrok etish uchun o‘z kameralaridan va noyob asarlar yaratish uchun sun’iy intellekt algoritmlaridan foydalanadi.
Meller asarni sotishdan tushgan mablag‘ uning cho‘ntagiga tushmasligini, aksincha, Ay-Da loyihasini rivojlantirishga yo‘naltirilishini tushuntirdi. Uning aytishicha, kelgusi yilda robot yangi innovatsiyalarni taqdim etadi. Ay-Da robotizirlangan qo‘l va algoritmlardan foydalangan holda san’at yaratadi. Bu uning asarlariga o‘ziga xoslik va kutilmaganlik xususiyatlarini beradi, ularni mavjud tasvirlarni birlashtirish orqali san’at yaratuvchi OpenAI kompaniyasining Dall-E va Midjourney kabi boshqa sun’iy intellekt tizimlaridan ajratib turadi.