Turkiyada “O‘zbekiston madaniyati, birdamligi va hamkorligi” jamiyatining yangi binosi ochildi
Istanbulda “O‘zbekiston madaniyati, birdamligi va hamkorligi” jamiyatining yangi binosi tantanali ravishda ochildi. Marosim o‘zbek madaniyati, tarixi va san’atini ommalashtirishga bag‘ishlangan xalqaro forum bilan birgalikda o‘tkazildi.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermanov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov nomidan tabrik so‘zlarini yetkazdi.
Ushbu loyiha Turkiyada istiqomat qiluvchi vatandoshlar orasida o‘zbek an’analari, san’ati va qadriyatlarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, tashkilot xorijdagi o‘zbekistonliklarga huquqiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatadi.
Forum doirasida o‘zbek milliy musiqasi to‘garagini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti kelajakda Jamiyat a’zolari uchun bir qator konsertlar va madaniy tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, jamiyatga yettita musiqa asbobi sovg‘a qilinadi. San’atni o‘rganayotgan talabalar tashkilotda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishadi, Turkiyadagi o‘zbek diasporasi uchun maxsus konsertlar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.