Ixtisoslashtirilgan jamg‘arma rahbari: O‘zbekiston – turkiy madaniyatning bosh markazi
30 апрель

Ixtisoslashtirilgan jamg‘arma rahbari: O‘zbekiston – turkiy madaniyatning bosh markazi

Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aqto‘ti Raimqulova O‘zbekistonni turkiy madaniy merosni asrab-avaylash va rivojlantirishning asosiy markazi deb atadi. II Turkiy dunyo madaniyati forumida so‘zlagan nutqida mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixi, boy an’analari va noyob yodgorliklariga to‘xtalib, uning turkiy sivilizatsiya xazinasi va jahon merosi durdonasi ekanligini ta’kidladi.

Raimkulova O‘zbekistonning Jamg‘armaning to‘laqonli a’zoligiga kirishi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishini ma’lum qildi. Jamg‘arma rahbari Xalqaro baxshichilik san’ati festivali kabi madaniy anjumanlarning turkiy xalqlar ma’naviy an’analarini asrab-avaylash va ommalashtirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, madaniy meros nafaqat o‘tmish xotirasi, balki turkiy xalqlarni birlashtiruvchi kelajak uchun mo‘ljaldir. Jamg‘arma "Turkiy dunyo nigohi – 2040" va "TURKTIME" strategik hujjatlariga asoslanib, ushbu merosni asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ular orasida professional birlashmalar tashkil etish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, yodgorliklarni restavratsiya qilish, jumladan, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlardagi loyihalar bor.

Raimqulova O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. 2024-yilda Turkiy madaniy merosning ko‘p tilli katalogi va TurkicHeritage raqamli platformasini yaratish bo‘yicha ishlar boshlandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Turkiy xalqlar folklori antologiyasi tayyorlanmoqda.

Yakunda Jamg‘arma rahbari Turkiy davlatlar madaniyatining raqamli transformatsiyasi mavzusida Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TİKA) bilan qo‘shma sessiya o‘tkazilishini e’lon qildi. U amalga oshirilayotgan tashabbuslar xalqlarni yaqinlashtirishga va turkiy dunyoning madaniy o‘ziga xosligini saqlab qolishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.