
Buxoroda turizm qizg'in pallada: eng ko'p mehmon Rossiya va Xitoydan kelgan
Buxoro shahri hozirgi kunda uzoq va yaqin xorij mamlakatlaridan ko‘plab sayyohlar oqimini boshdan kechirmoqda, ularni birinchi navbatda shaharning boy tarixiy-madaniy obyektlari va o‘ziga xos me’morchiligi o‘ziga jalb qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Buxoro viloyatiga Rossiyadan 9758 nafar sayyoh tashrif buyurgan. Sayyohlar oqimi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 2878 nafar mehmon bilan Xitoy egalladi. Yetakchilar orasida Qozog‘iston (1830), Hindiston (1353), Yaponiya (1338) va Italiya (1161) sayyohlari ham bor edi.
Shuningdek, Turkmaniston (961 nafar), Fransiya (929 nafar), AQSH (785 nafar), Eron (738 nafar), Ispaniya (668 nafar), Malayziya (611 nafar), Indoneziya (653 nafar) davlatlaridan ham ko‘plab sayyohlar tashrif buyurgan.
Buxoroning betakror me’morchiligi va madaniy merosiga maftun bo‘lgan ko‘plab xorijlik mehmonlar bu tarixiy shaharni yana bir bor ziyorat qilish istagini bildirmoqda. 2025-yil oxiriga qadar qadimiy shaharga 2 million 200 mingdan ziyod xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.