
O‘zbekistonda "yashil" rivojlanish dasturi tasdiqlandi
O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili‘da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat mamlakatni barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab, ekologik toza shahar muhitini shakllantirish, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan.
Ustuvor vazifalardan biri “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish va ekologik loyihalarni moliyalashtirish bo‘ladi. Bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslarni asrash va iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Mamlakat energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini ko‘paytirish, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, kichik gidroelektr stansiyalarini rivojlantirish, shuningdek, xonadonlarda quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda.
Dastur, shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyotning "uglerod izi‘ni kamaytirish, mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish va ekologik barqarorlikni oshirishni ko‘zda tutadi. Ushbu tashabbuslar 2030-yilga kelib yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foizga yetkazish, uning hajmini 200 milliard dollarga oshirish, inflyatsiyani 5 foiz darajasida saqlab qolish va byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha pasaytirish imkonini berishi kutilmoqda.