O‘zbekiston sport jamoatchiligi ko‘kalamzorlashtirish aksiyasini qo‘llab-quvvatladi
15 март

O‘zbekiston sport jamoatchiligi ko‘kalamzorlashtirish aksiyasini qo‘llab-quvvatladi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Bo‘stonliq tumanidagi “Sportchilar bog‘i” hududida keng ko‘lamli daraxt ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Sport vazirligi vakillari, Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbarlari hamda taniqli sportchilar ishtirok etdilar.

Sport vaziri Adham Ikromov rahbarligida tashkil etilgan aksiya bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar sport boshqarmalarida ham boshlanib ketdi. Kun davomida butun mamlakatimiz bo‘ylab 25 mingga yaqin manzarali, mevali daraxtlar va butalar ko‘chatlari ekildi. Umumiy maydoni 20 gektar bo‘lgan ‘Sportchilar bog‘i‘da hududning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda daraxtlar o‘tqazildi va ularni sug‘orish uchun tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatildi.

Tadbir ishtirokchilari sport jamoatchiligi nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilayotganini, balki “Yashil makon” tashabbusiga faol jalb etilib, uni umummilliy harakatga aylantirayotganini ta’kidlab o‘tdilar. O‘tgan yili sport muassasalarida 276 ming tup ko‘chat, shundan bahorda 152 ming tupi ekilgan edi. Joriy yilda esa 135 ming tup daraxt ekish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda har yili 200 millionga yaqin daraxt va butalar ekiladi, 2030-yilga borib mamlakatda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Navro‘z bayrami arafasida sportchilar, jumladan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari ham ko‘tarinki ruhda ishtirok etib, tabiatga, mamlakatimizning ekologik kelajagiga g‘amxo‘rlik namunasini ko‘rsatdilar.