
Xorazmda erkak noyob qushni sotishga uringani uchun jarimaga tortildi
Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchi fuqaro ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob dasht miqqiyini sotishga urinayotganda qo‘lga olindi.
Dasht miqqiyi — muhofaza qilinadigan va IUCN Qizil ro‘yxatida “zaiflikka yaqin” maqomiga ega bo‘lgan ko‘chmanchi tur hisoblanadi. Bu tur G‘arbiy Tyan-Shan, Pomir-Oloy, Qizilqum qoldiq tog‘larida, shuningdek, Amudaryo va Zarafshon daryolari vodiylarida tarqalgan.
Qonunbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming so‘m miqdorida jarima solindi.
Olib qo‘yilgan qush sog‘lig‘ini tekshirish uchun Xorazm milliy tabiat bog‘iga topshirildi. Davolash va reabilitatsiyadan so‘ng dasht miqqiyini yovvoyi tabiatga qaytarish rejalashtirilmoqda.