Bokuda O‘zbekistonning suv resurslarini boshqarishdagi yutuqlari namoyish etildi
Bokuda o‘tkazilayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasida (COP29) O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi “Barqaror suv resurslari: innovatsiyalar va texnologiyalar” mavzusida ma’ruza taqdim etdi.
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Tohir Butunboyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Ayniqsa, transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha mintaqa davlatlari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Taqdimotda kanallarni betonlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu chora-tadbirlar suv resurslaridan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish va zamonaviy texnologiyalar qo‘llaniladigan hududlar qamrovini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning mintaqadagi suv muammolarini hal etishga qo‘shgan hissasini yuqori baholab, barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun tajriba va innovatsiyalar almashinuvini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.