
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida brakonerlarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda
Ekologiya vazirligi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi nazorat bo‘limi inspektorlari noqonuniy ovni oldini olish maqsadida muntazam ravishda reydlar o‘tkazmoqda. 2024-yil boshidan beri brakonerlik bilan bog‘liq 307 ta qonunbuzarlik aniqlangan.
Belgilangan jarimalarning umumiy miqdori 601 million so‘mdan oshgan bo‘lib, tabiatga yetkazilgan zarar 1,7 milliard so‘mga baholangan.
O‘nta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Brakonerlardan bir tonnadan ortiq baliq musodara qilinib, internat va bolalar bog‘chalariga bepul topshirildi. Shuningdek, yettita ov miltig‘i, o‘nlab baliq ovlash to‘rlari, elektr qarmoqlar, qayiqlar va boshqa buyumlar ham musodara etildi.
Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mintaqada tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash va ekotizimni himoya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari davom etmoqda.