
O‘zbekistonda suv havzalarini ifloslanishdan himoya qilish choralari kuchaytiriladi
Ekologiya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, atrof-muhitga I va II toifadagi ta’sir ko‘rsatuvchi 93 ta korxonaning ro‘yxati tuzildi. Bu tasniflanish tozalash inshootlarini qurish va mavjudlarini qayta qurish uchun zarurdir.
Boshqa hokimiyat organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi tozalash inshootlariga oqova suvlarni chiqaradigan korxonalar tekshirildi. Oqova suvlar sifatini yaxshilash choralari ko‘rildi, kanalizatsiya tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 140 ta korxona aniqlandi. Kimyoviy tahlil uchun 115 ta korxonadan suv namunalari olindi, shulardan 25 tasi standartlarga javob bermadi. Ifloslanish me’yorlarini buzgan 44 ta korxonaga nisbatan choralar ko‘rildi.
Shuningdek, shikastlangan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlari ham amalga oshirildi. Bu yil O‘zbekistonda 1100 gektar yer rekultivatsiya qilingan bo‘lsa, 2024 yilda jami 2000 gektar yerni rekultivatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Suv havzalarining ifloslanishiga qarshi kurash doirasida Chirchiq, Sirdaryo kabi yirik daryolar o‘zanlarida foydali qazilmalarni qazib olishga vaqtinchalik taqiq joriy etildi. 310 ta daryo va soy hududida suv havzalarini tozalash ishlari olib borilmoqda.
Yil oxirigacha 38 ta korxonada yangi tozalash inshootlari quriladi va eskilari qayta quriladi. Bundan tashqari, “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” dasturi doirasida 20 ta xonadon va 20 ta ko‘p qavatli uy quyosh panellari bilan jihozlanadi. Mamlakatimiz bo‘ylab avtoyuvish shoxobchalarida suv aylanishi tizimi va suvni tejaydigan uskunalar o‘rnatiladi.