
Toshkentda havo ifloslanishini kuzatish uchun uchta yangi stansiya o‘rnatildi
O‘zbekiston poytaxtida havo ifloslanishini nazorat qiluvchi uchta yangi avtomatik stansiya ishga tushdi. Ularning faoliyati Zamin jamg‘armasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zgidromet tomonidan atmosfera havosini kuzatishni avtomatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihaning bir qismi hisoblanadi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Zamin jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi bunday stansiyalarning umumiy soni 19 taga yetdi. Ularning barchasi monitoring.meteo.uz milliy platformasiga ulangan bo‘lib, unda yangi stansiyalar to‘q yashil, mavjudlari esa binafsha rangda ko‘rsatilgan.
Uchta yangi stansiya shaharning turli hududlariga joylashtirildi: biri “Uch qahramon” posti atrofida, ikkinchisi “Zenit” zavodi yaqinida, uchinchisi esa “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yonida o‘rnatildi.
Jamg‘arma vakillari ta’kidlashicha, stansiyalar havoning ifloslanish darajasini yuqori aniqlikda o‘lchaydigan to‘laqonli laboratoriyalar hisoblanadi. Ular Horiba (Yaponiya/Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, ushbu kompaniyaning uskunalaridan Finlyandiya meteorologiya instituti kabi yetakchi tashkilotlar o‘z asboblarini kalibrlash uchun foydalanadi.