Agentlik fermerlarga ekinlarni tavsiya etishni boshlaydi
6 январь

Agentlik fermerlarga ekinlarni tavsiya etishni boshlaydi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Tegishli qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Meva-sabzavot ekinlarini dala chetlarida, mahalla ko‘chalarida, turar-joy binolari atrofida va tomorqalarda yetishtirish rag‘batlantiriladi. Bu ishlarni tashkil etish O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi zimmasiga yuklanadi. Agentlik fermerlarga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib beradi hamda mahsulot eksportini ta’minlaydi.

Agentlik bir yil davomida eksportchilarning ehtiyojlarini o‘rganib, talab, iqlim sharoiti va mahalliy tajribadan kelib chiqqan holda ekin turlarini taklif etadi. 1-fevralgacha ekish prognozlarini tasdiqlash, 15-fevralgacha esa mahsulot xarid qilish uchun urug‘, ko‘chat yetkazib beruvchilar va kompaniyalarni tanlab olish rejalashtirilmoqda.

Dala chetidagi yerlardan samarali foydalanayotgan ishlab chiqaruvchilar bir yilga fitosanitariya sertifikatini bepul olishlari mumkin. Shuningdek, ularga in vitro ko‘chatlarini xarid qilish uchun 50 foizgacha subsidiya (bir donasi uchun 25 ming so‘mgacha) hamda suv ta’minoti uchun nasos va quvurlar o‘rnatishga imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.

Kreditlar olti oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz yuqori stavkada beriladi.