Ekologiya ustuvor: Jahon banki va O‘zbekiston hamkorlikni kengaytirmoqda
5 март

Ekologiya ustuvor: Jahon banki va O‘zbekiston hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkentda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Jahon bankining atrof-muhit, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish va yer resurslarini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha global direktori Sameh Vahba bilan uchrashdi. Tomonlar ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini, xususan, havo ifloslanishini nazorat qilish, landshaftlarni tiklash va sug‘orishga sarmoya kiritish masalalarini muhokama qildilar.

Muloqotning asosiy yo‘nalishlaridan biri Jahon banki strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan RESILAND loyihasi bo‘ldi. Bu loyiha Markaziy Osiyoda yerlarning emirilishi, cho‘llanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan. Tashabbus doirasida ekotizimlarni tiklash, ekoturizmni rivojlantirish va farovonligi atrof-muhit holatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

Muzokaralar davomida Sameh Vahba Jahon bankining Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Toshkent shahrida havo sifatini baholash” va “O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirish yo‘l xaritasi” hisobotlarini taqdim etdi. Jahon banki atmosfera havosini kuzatish va yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining 2025-yilni “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish tashabbusi ham taqdim etildi. Uning doirasida yirik tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan: Samarqand iqlim forumi (4-5 aprel), “Eco Expo” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi (3-5 iyun) va Yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilarining 20-konferensiyasi (CITES SOR20, 24-noyabr — 5-dekabr).

Uchrashuv yakunida tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va mamlakatning tabiiy resurslarini tiklashga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.