Toshkentda shaharlarning iqlim xatarlariga bardoshliligini oshirish loyihasi yo‘lga qo‘yildi
Toshkentda “Markaziy Osiyo shaharlarining tabiiy ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga bardoshliligini oshirish” loyihasini ishga tushirishga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi. Loyiha Yaponiya hukumati ko‘magida BMT Taraqqiyot dasturi tashabbusi bilan ilgari surilgan bo‘lib, O‘zbekistonda Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Uchrashuvni ochib berar ekan, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov iqlim muammolarini hal etishda mintaqaviy yondashuvning muhimligini ta’kidladi, chunki bu muammolar yildan-yilga tobora sezilarli bo‘lib bormoqda.
Loyiha Markaziy Osiyo shaharlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirishga va ularning tabiiy ofatlarga nisbatan zaifligi kamaytirishga qaratilgan. Bu infratuzilmani modernizatsiya qilish, shaharsozlikning yangi standartlarini joriy etish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.
Yaponiya vakili Xatori Takashi o‘z mamlakatining tabiiy ofatlarga qarshi kurashda to‘plagan tajribasi Markaziy Osiyo uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Akiko Fudzii iqlim o‘zgarishi mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishini, loyiha esa ham ekologik, ham ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarni hisobga olgan holda kompleks yechimlar ishlab chiqishga qaratilganini ma’lum qildi.
Seminar davomida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar va mintaqada hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish 2024-2027-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning byudjeti 5 million dollardan oshadi.