Toshkentda Xalqaro tog‘lar kuni nishonlandi
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) Xalqaro tog‘lar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Mazkur tadbir Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Milliy markazning xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Sayyora Abdullayeva O‘zbekiston tog‘li hududlarni saqlab qolish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi. U ikki qo‘shni davlat — O‘zbekiston va Qirg‘izistonning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va mintaqaning noyob ekotizimlarini muhofaza qilish masalalarida hamkorligi muhimligini alohida qayd etdi.
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Bakit Asangul iqlim o‘zgarishining tog‘li hududlarga ta’siriga e’tibor qaratdi. U muzliklarning erishi millionlab odamlarning suv xavfsizligiga tahdid solishi, barqarorlik va iqtisodiyot uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi.
Tadbirda Qirg‘iziston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tog‘li hududlarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik harakatlar rejasi” hamda Bokudagi COP29 konferensiyasi yakunlari ham muhokama qilindi. Dastur doirasida tog‘larni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida videolavha namoyish etildi va o‘zbekistonlik rassomlar Qirg‘izistonning tog‘ manzaralari tasvirlangan asarlarini taqdim etdilar.