
Toshkent viloyatida havoni ifloslantiruvchi issiqxonalar aniqlandi
Toshkent viloyatidagi issiqxonalarda ekologik me’yorlarga rioya etilishi yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazildi. 8 fevral kuni tunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xodimlari Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi, Milliy gvardiya va IIV vakillari bilan hamkorlikda 39 ta obyektda reydlar o‘tkazdilar.
Tekshiruv davomida Toshkent tumanidagi 13 ta, Qibray tumanidagi 10 ta va Zangiota tumanidagi 16 ta issiqxona holati o‘rganildi. Aniqlanishicha, bir qator xo‘jaliklarda isitish uchun ekologiyaga zararli materiallar, jumladan, eski avtomobil shinalaridan foydalanilmoqda. Bu esa havoning jiddiy ifloslanishiga olib kelib, aholi salomatligi va atrof-muhitga xavf tug‘dirmoqda.
Reyd natijalariga ko‘ra, Toshkent tumanida bitta, Qibray tumanida beshta, Zangiota tumanida ikkita issiqxonaga jarima solindi. Nazorat tadbirlari davom ettiriladi.