O‘zbekiston ICBA bilan hamkorligini mustahkamlaydi
26 декабрь

O‘zbekiston ICBA bilan hamkorligini mustahkamlaydi

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Xalqaro bio-sho‘rlangan dehqonchilik markazi (ICBA) bosh direktori Tarifa Al Zaabi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi ekinlarining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish maqsadida Mintaqaviy genetik resurslar bankini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. ICBA ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlash va uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini izhor etdi.

Shuningdek, Nukus, Mo‘ynoq va Chimboy fermerlariga yerlarning tanazzulga uchrashi oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashishga qaratilgan «Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqaror tizimlarini rivojlantirish» loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha Orol dengizi ekologik halokati oqibatlarini yumshatish va barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili deb e’lon qilingan 2025-yilda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zaro manfaatli maqsadlarga erishish uchun qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun