
Mutaxassislar Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ilmiy yechimlarni taqdim etdi
Xalqaro Orolbo‘yi turizm haftaligi doirasida o‘tkazilgan "Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari" xalqaro anjumanida olimlar va mutaxassislar mintaqani ekologik tiklashning ilmiy yondashuvlarini taqdim etishdi.
Anjumanning asosiy e’tibori Orol dengizi tubida o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish, suvdan oqilona foydalanish va barqaror turizmni rivojlantirishga qaratildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov ma’lum qilishicha, 2018 yildan buyon 1,8 million gektardan ortiq maydon ko‘kalamzorlashtirilgan va yana 150-200 ming gektar maydonga daraxt ekish rejalashtirilmoqda.
"Green University" rektori Jasur Solihov iqlim bo‘yicha yetakchilarning yangi avlodini tayyorlash va barqaror texnologiyalar sohasida innovatsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan "Climate Science Residency" dasturi haqida so‘zlab berdi.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Baxitjan Xabibullayev markazning qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish va ekotizimni tiklash bo‘yicha faoliyati, jumladan, quyosh va suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
GGGI vakolatxonasi rahbari Stella Sin Yon Li minglab odamlarga yordam ko‘rsatgan, fermerlarni iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligiga o‘rgatgan, innovatsion agromodellarni joriy etgan va yirik investitsiyalarni jalb qilgan "Aral Sea Green Rehabilitation Investment Project" loyihasi natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
Anjumanda ekologik vaziyatni yaxshilashga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanmoqda, Orol dengizi tubini o‘rmonlashtirish loyihalari muhokama qilinmoqda. Barqaror rivojlanish va ekologik ta’limni oshirish bo‘yicha sessiyalar rejalashtirilgan. Taqdim etilgan tashabbuslar Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish uchun ilm-fan, xalqaro hamkorlik va davlat qo‘llab-quvvatlashini birlashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.