
Surxondaryoda noqonuniy ovchilar aniqlandi
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlaridan tashkil topgan tezkor guruh nazorat reydini o‘tkazdi. Tekshiruv natijasida “Ipak yo‘li” mahalla fuqarolar yig‘inining “Sholipoya” massivi hududida tegishli hujjatlarsiz noqonuniy ov bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar aniqlandi.
Qoidabuzarlar orasida chegara hududida ov qurollaridan foydalangan Muzrabot va Sho‘rchi tumanlari aholisi ham bor edi. Ularning harakatlari ‘Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi hamda ‘Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida‘gi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan.
Brakonerlarning har biriga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzildi. "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 90-moddasi 1-qismiga muvofiq, huquqbuzarlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 7 million 500 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. Jami jarima miqdori 52 million 500 ming so‘mni tashkil etdi.