Parlamentda muqobil energetikani rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
1 февраль

Parlamentda muqobil energetikani rivojlantirish masalasi muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida energetika sohasini rivojlantirish va muqobil energiya manbalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tashkilotchiligidagi tadbirda Energetika vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2025-2035 yillarda elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning batafsil sharhini taqdim etdi. Asosiy vazifalar qatoriga yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlarini qurish, sohadagi yo‘qotishlarni kamaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va elektr energiyasi tannarxini pasaytirish kiradi. U 2030 yilga qadar elektr energiyasi yo‘qotilishini 14 foizdan 8-9 foizgacha qisqartirish, shuningdek, uni iste’mol qilish samaradorligini oshirish va turli sohalarda tabiiy gaz sarfini 10-15 foizga kamaytirish rejalashtirilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston energiya nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Ikromjon Nimatullayev yangi qonunchilik tashabbuslarining energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. 2024-yilda 1,4 trillion so‘mlik 8 mingdan ortiq o‘g‘irlik holatlari aniqlangan.

Ekologiya vazirligi vakillari “yashil” energetikani rivojlantirish, deputatlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda tegishli loyihalar ustida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Joriy yilda O‘zbekistonda 752 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari, 2 763 MVt quvvatga ega quyosh stansiyalari va 1 782 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari qurilmoqda. Bu esa atmosferaga 4,8 million tonna zararli gazlar chiqishining oldini olish imkonini beradi.

Deputatlar energiya tejash sohasidagi islohotlarni va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Tegishli vazirliklar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, yangi loyihalarni faol muhokama qilish va aholini “yashil” energetikaga o‘tishning ahamiyati haqida xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi. Seminar yakunida islohotlarni ommalashtirish va bu boradagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar taklif etildi.