Quyi Amudaryo qo‘riqxonasi hududida noyob hayvon turlari tasvirlangan
Quyi Amudaryo davlat biosfera qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fototuzoq ushbu betakror tabiat go‘shasining kamyob jonivorlari — Buxoro bug‘usi va qamish mushugi (xaus nomi bilan ham tanilgan)ni qayd etdi.
Qo‘riqxona 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Amudaryo tumanlari hududlarini qamrab oladi. Bu yerda 36 turdagi hayvonlar yashaydi, ularning to‘rttasi kamyob hisoblanadi. Qo‘riqxonadagi qamish mushuklarining soni taxminan o‘nta atrofida baholanmoqda.
Buxoro bug‘ulari populyatsiyasini tiklash tarixi 1976-yilda, qo‘riqxonaga Tojikistondan dastlabki hayvonlar olib kelingandan boshlanadi. Vaqt o‘tishi bilan populyatsiya soni sezilarli darajada ko‘paydi. 2024-yil bahor ma’lumotlariga ko‘ra, Quyi Amudaryo qo‘riqxonasida 1566 ta individ mavjud bo‘lib, bu uni dunyodagi ushbu noyob kenja turning eng yirik populyatsiyasiga ega joy sifatida namoyon etadi.
Buxoro bug‘usi yo‘qolib ketish xavfi ostidagi tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Uni muhofaza qilish borasidagi yutuqlar noyob ekotizim va kamyob hayvon turlarini himoya qilish ishlarining naqadar muhimligini ko‘rsatmoqda.