COP16-da chang-qum bo‘ronlarini bartaraf etish choralari taklif etildi
6 декабрь

COP16-da chang-qum bo‘ronlarini bartaraf etish choralari taklif etildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining (COP-16) 16-sessiyasida “O‘zbekistondagi qum va chang bo‘ronlari: oqibatlarini tushunish va ularni bartaraf etish uchun atmosfera modellashtirish” hisoboti taqdim etildi.

Tadqiqot BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekistonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda boshlangan. Hisobot Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) tomonidan FOLUR loyihasi doirasida tayyorlangan.

O‘zbekistonda atmosferada chang konsentratsiyasi yuqori bo‘lib, ayniqsa qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda jiddiy ekologik muammo hisoblangan qum bo‘ronlari kuzatilmoqda. Bu hodisalar havo sifatini, ko‘rinishni yomonlashtiradi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari va infratuzilmaga zarar yetkazadi. Bundan tashqari, ular nafas olish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarib, hayot sifatini pasaytiradi va sog‘liq uchun xavf tug‘diradi. FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov mamlakatda hayot sifatini yaxshilash uchun ushbu muammolarga qarshi kurashish muhimligini ta’kidladi.

Tadqiqot qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, sog‘liqni saqlash va tabiiy ofatlar xavfini boshqarishga ta’sir ko‘rsatadigan iqlim o‘zgarishi muammosiga e’tibor qaratgan. Hisobotda O‘zbekistondagi chang hodisalarining keng qamrovli tahlili keltirilgan va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar, jumladan, tabiatga asoslangan yechimlardan foydalanish taklif etilgan. Shuningdek, chang bo‘ronlarining kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish ssenariylari batafsil ko‘rib chiqilgan. Changning yutilishi va ko‘chishi jarayonlarini modellashtirish uchun zamonaviy RAMS/ICLAMS tizimidan foydalanilgan bo‘lib, u chang manbalari, o‘simliklar va ob-havo sharoitlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘rganish imkonini beradi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun