O‘zbekistonda "Bir million yashil oila" harakati yo‘lga qo‘yilmoqda
10 январь

O‘zbekistonda "Bir million yashil oila" harakati yo‘lga qo‘yilmoqda

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi prezidentning 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni loyihasini taqdim etdi. Uning asosiy tashabbuslaridan biri “Bir million yashil oila” harakatini tashkil etish bo‘ladi. Ushbu dastur aholi orasida ekologik faollikni rivojlantirishga qaratilgan.

Harakat ishtirokchilari kundalik jismoniy faollikka, jumladan, kamida 10 ming qadam yurish va yugurish, shuningdek, velosipeddan foydalanishga rag‘batlantiriladi. Shuningdek, dastur plastik ishlatishni kamaytirish hamda suv, gaz, elektr energiyasi va oziq-ovqat mahsulotlarini tejamkor iste’mol qilishni nazarda tutadi.

Voyaga yetgan barcha a’zolari “ekofaol fuqaro” maqomini olgan oilalar har yili o‘tkaziladigan elektromobillar yutug‘ida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu maqom davlat bojlarini to‘lashda 10 foizlik chegirma va davlat banklarida imtiyozli iste’mol kreditlarini olish huquqini beradi. Bundan tashqari, tashabbus doirasida eng “yashil” mahallalar tanlovi o‘tkaziladi.

Qulay shahar muhitini yaratish maqsadida daryo va suv havzalari bo‘ylab umumiy uzunligi 110 kilometr bo‘lgan sayr ko‘chalari barpo etiladi, istirohat bog‘larida quyosh panellari asosida yoritish tizimi o‘rnatiladi. Mamlakatdagi o‘rmonlar maydonini 4 million gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Dasturda sog‘liqni saqlash va ekologiya masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Yil o‘rtalarigacha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi laboratoriyalari mahsulotlardagi transyog‘larni aniqlash uskunalari bilan jihozlanadi, avgust oyiga kelib esa ulardan foydalanishni cheklovchi yangi sanitariya qoidalari joriy etiladi.

Mamlakatimiz tibbiyot tizimi isloh qilinadi: stomatologik xizmatlar va laboratoriya tahlillari xususiy sektorga o‘tkaziladi, poliklinikalarda elektron navbat tizimi joriy etiladi. Shuningdek, noyabr oyiga qadar barcha hududlarda elektron retseptlar tizimi amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab "Green University‘da aylanma iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitet Toshkent va boshqa hududlarda ham “yashil” texnikumlar ochadi.