O‘zbekiston plastik paketlarni taqiqlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda
10 январь

O‘zbekiston plastik paketlarni taqiqlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda

2027-yildan boshlab O‘zbekistonda plastik paketlarni ishlab chiqarish, import qilish va ulardan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Ushbu tashabbus “Uzbekistan-2030” platformasida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda ekologik xavfsiz bioparchalanuvchi materiallarga o‘tishni rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Shuningdek, plastik mahsulotlar tarkibida zararli kimyoviy moddalardan foydalanishni cheklash va qadoqlashda qayta ishlangan plastikdan foydalanishning majburiy me’yorlarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 2025-yil sentyabriga qadar zarur takliflar ishlab chiqilishi va o‘sha yilning noyabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

Bundan tashqari, 2025-yil 1-noyabrga qadar ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga ishlatilgan plastik qadoqlarni qaytarishni tashkil etish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini tayyorlash mo‘ljallanmoqda. Yig‘ish va utilizatsiya qilish uchun maxsus punktlar tashkil etish, shuningdek, tegishli uskunalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Muqobil variant sifatida plastik qadoq ishlab chiqaruvchilar uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish ko‘rib chiqilmoqda.