Euronews: O‘zbekiston milliardlab investitsiyalarni jalb qilgan holda quyosh energetikasini faol rivojlantirmoqda
1 апрель

Euronews: O‘zbekiston milliardlab investitsiyalarni jalb qilgan holda quyosh energetikasini faol rivojlantirmoqda

Euronews telekanalining Business Line Uzbekistan dasturi lavhasida ta’kidlanishicha, mamlakat o‘zini Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha kelajak yetakchisi sifatida namoyon etib, quyosh energetikasi sohasidagi quvvatlarini jadal sur’atda oshirmoqda.

O‘zbekistonda allaqachon 11 ta quyosh elektr stansiyasi ishlab turibdi, yana ko‘plari loyihalash bosqichida. Respublika qayta tiklanadigan energetika sohasiga 22 milliard yevrodan ortiq xorijiy sarmoyalarni jalb etdi va 2030-yilga kelib qayta tiklanadigan manbalarning umumiy energiya ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazish kabi ulkan maqsadni belgiladi.

Bunga misol sifatida 860 mingta paneldan tashkil topgan Buxoro quyosh elektr stansiyasini keltirish mumkin. Bu inshoot 400 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi va atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid gazi miqdorini yiliga 1,2 million tonnaga kamaytirdi.

Reportaj mualliflari ta’kidlashicha, sohaning muvaffaqiyatli rivojlanishi O‘zbekistonga nafaqat ichki ehtiyojlarni qondirish, balki kelajakda ekologik toza elektr energiyasini eksport qilishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ham beradi.