
O‘zbekistonlik ekologlar tajriba o‘rganish va hamkorlik o‘rnatish maqsadida Janubiy Koreyaga tashrif buyurishdi
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi delegatsiyasi ilg‘or tajribani o‘rganish hamda ekologik ekspertiza va baholash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Janubiy Koreyaga qilgan amaliy tashrifini yakunladi.
Tashrifning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston Davlat ekologik ekspertiza markazi va Koreya atrof-muhit instituti (KEI) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimini takomillashtirish va ekologik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini oshirishga qaratilgan hamkorlik uchun asos yaratadi.
Hamkorlik, shuningdek, strategik ekologik baholash (SEB) sohasidagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish va O‘zbekiston milliy qonunchiligini xalqaro ekologik standartlarga moslashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, memorandum uglerod izini kamaytirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish uchun o‘quv seminarlarini tashkil etish va KOICAning O‘zbekistonda atrof-muhitga ta’sirni baholash hamda strategik ekologik baholash tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha joriy loyihasi doirasida hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.
Tashrif davomida delegatsiya koreyalik hamkasblari bilan atrof-muhitni baholashning samarali mexanizmlari, jamoatchilikning ekologik axborotdan foydalanishining huquqiy asoslari, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish amaliyoti, shuningdek, O‘zbekistonda shunga o‘xshash tizimlarni yaratishda foydalanish rejalashtirilayotgan atrof-muhit monitoringi va uglerod izini kamaytirishning yagona raqamli tizimini yaratish bo‘yicha Janubiy Koreya tajribasini muhokama qildi.