
GEF O‘zbekistonda havo sifatini kuzatish tarmog‘ini yaratishni rejalashtirmoqda
Shavkat Mirziyoyev Global Ekologik Fond (GEF) bosh direktori Karlos Rodriges bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ekotizimlarni himoya qilish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilik sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mirziyoyev fondning bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslarni boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish loyihalarini amalga oshirishdagi hissasini ta’kidladi. Bugungi kunda GEF bilan birgalikdagi loyihalar hajmi 100 million dollardan oshgan.
Diqqat markazida havo sifatini kuzatish tarmog‘ini yaratish, ko‘kalamzorlashtirish va ekoturizm dasturlarini rivojlantirish, yo‘qolib borayotgan turlarni himoya qilish va Qoraqalpog‘istonni tiklash kabi masalalar bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar kelasi yilda O‘zbekistonda Global Ekologik Fond donorlarining yig‘ilishini o‘tkazish kabi yirik xalqaro tadbirlarni muhokama qildilar.